Islom Karimov shoh ko'chasi, 49

Qishloq xo’jaligi yerlarida dronlar

Jarayonda foydalanilgan bir dona o’zi uchar dron qurilmasi belgilangan maydonlarda kuzatuv ishlarini atigi 6 daqiqada yakunladi.

O’zbekistonda qishloq xo’jaligi sohasi avvalgidek emasligi, endilikda, u ilm-fanga asoslangan, zamonaviy yo’nalishlardan biriga aylanib borayotgani haqida ko’p gapiryapmiz. Chindan ham bugungi qishloq xo’jaligi tizimi bir necha yil oldingisidan tubdan farq qiladi. Ammo bunga birgina ilg’or texnikalar emas, balki sohani tubdan takomillashtirish, ishlarni tashkil etishda resurstejamkor va eng so’nggi innovatsion texnologiyalarni qo’llash evaziga erishilmoqda.

Ilm-fan yutuqlari, olimlarning izlanish va tajribalarga asoslangan bu texnologiyalar yerga ishlov berishdan tortib, tayyor mahsulot olingunga qadar bo’lgan jarayonlarni ortiqcha mehnat va sarf-xarajatlarsiz, ilg’or texnikalar, raqamlashtirilgan uskunalar yordamida aniq va puxta amalga oshirish imkonini beryapti. Natijada yurtimizda qishloq xo’jaligi yerlarida raqamli axborot tizimlarini joriy etish ko’lami kengayib bormoqda.

Qishloq xo’jaligi faoliyatini zamonaviy dron texnologiyalari asosida raqamlashtirish ilmiy-amaliy loyihasi doirasida ish olib borayotgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Soliq qo’mitasi huzuridagi Kadastr agentligi “Geoinnovatsiya markazi” DUK mutaxassislari ham mazkur yo’nalishda dastlabki natijalarga erisha boshladi. Loyiha Prezidentning 2021 yil 3 fevraldagi “Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko’rsatishni yanada rivojlantirish to’g’risida”gi Farmoni hamda boshqa tegishli qarorlar asosida amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 10 gektar g’alla maydoni, 4 gektar uzumchilik maydoni va 5 gektar shudgor qilingan erlarda o’tkazilgan ilk tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli olib borildi. Jarayonda foydalanilgan bir dona o’zi uchar dron qurilmasi belgilangan maydonlarda kuzatuv ishlarini atigi 6 daqiqada yakunladi.

Ma’lumot olishning tezkor usuli

So’nggi vaqtlarda uchuvchisiz boshqariladigan qurilma — dronlar xizmatidan turli yo’nalishlarda foydalanish ancha ommalashib ulgurdi. Zamonaviy texnologik yangilikning imkoniyatlari odamlarning ularga bo’lgan talabi tobora ortib borishiga turtki bermoqda. Masalan, ilgari yuqori plandan turib tasvirga tushirish, qidiruv ishlari va shu kabi jarayonlarga anchagina vaqt va sarf-xarajat talab etadigan samolyot yoki vertolyot jalb qilingan bo’lsa, endilikda, bu vazifani dronlar yordamida bemalol uddalash mumkin. Bundan tashqari, bu turdagi qurilmalar yildan yilga takomillashtirilib, ularning bajaradigan vazifalari, qo’llanish doirasi yanada kengayib boryapti.

Qishloq xo’jaligida dronlardan foydalanish yurtimiz tajribasi uchun yangilik, deyishimiz mumkin. Odatda dala maydonlari holatini kuzatish va monitoring qilish ishlariga bir necha kishi jalb qilinib, jarayonlar kunlab davom etadi. Bu vazifalarni dronlar yordamida amalga oshirish orqali esa ortiqcha vaqt va ishchi kuchini tejab qolish mumkin. Mutaxassislar tajriba-sinov ishlarini olib borayotgan ilmiy-amaliy loyihaning maqsadi ham shundan iborat. Uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar yordamida qisqa vaqtda ekinlar holatini kuzatish, ularda mavjud kasalliklarni aniqlash, ekin ekilgan maydonlar va dala xaritasini tuzish, shuningdek, zararkunandalarni o’rganish va monitoring qilish ko’zda tutilgan.

— Ilmiy-amaliy loyiha doirasida dron texnologiyalari orqali qishloq xo’jaligida mavjud muammolar o’rganilib, ularni bartaraf etish bo’yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi, — dedi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri Munis Abdullaev. —  Shudgor qilingan erlardagi tuproqning unumdorligi, g’alla maydonlari, bog’dorchilikda mavjud turli xil kasalliklar, zararkunanda hashoratlar aniqlanib, ular to’g’risida ma’lumotlar bazasi yaratiladi. YAna bir ahamiyatli jihati, dronlar orqali olingan va qayd qilingan amaliy ma’lumotlar kompyuter dasturlari yordamida qayta ishlanib, ular asosida zaruriy yechimlar qabul qilinadi. Bu qarorlar ekinlarning bir xilda rivojlanishi hamda agrotexnik ishlarda yo’l qo’yiladigan chetlanish va buzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Kompyuter ekranidagi tasvirlar orqali ekinlarning kasalikka uchragani, sug’orish ishlaridagi xatoliklar hamda qaerda zararkunandalar ko’payib ketgani to’g’risidagi ma’lumotlarni ham aniqlash imkoni mavjud. Bundan tashqari, olingan ma’lumotlar, tasvirlar yordamida kuchli yomg’ir, do’l va shu kabi tabiiy ofatlar etkazgan zarar hamda bo’lajak hosil miqdorini hisoblab chiqish mumkin. Mutaxassislarning aytishicha, qayd qilinayotgan ma’lumotlar kompyuterga hozircha an’anaviy usullar orqali o’tkazilmoqda. Ammo jarayonni takomillashtirish maqsadida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar kelgusida qaydlarni uzluksiz ravishda onlayn tizim orqali kompyuterga uzatib borishga sharoit yaratadi.

Soniyasiga 20 metr tezlik

Tajriba-sinov ishlarida dastlabki jarayon yer maydonlari, o’simliklarining holatini aniqlash, shudgor qilingan yerlar, uzumchilik va g’alla maydonlari o’lchamlarini belgilab olish hamda ularni kuzatishdan boshlandi. Ish mobaynida “DJI Phantom 4” rusumli uchuvchisiz uchar apparatidan foydalanildi. Og’irligi 1,4 kilogramm bo’lgan qurilma 500 metrgacha yuqoridan, 3 500 metr radiusdagi maydonni kuzatish imkoniyatiga ega. Moslama avtomatik uchish va qo’nish, belgilangan nuqtalarni uchib o’tish, mo’ljal olishni intellektual boshqarish, parvoz nuqtasiga qaytish, cheklangan joylar to’g’risida ogohlantirish kabi funksiyalarga ega. U “Android” va “iOS” operatsion tizimlarini qo’llab-quvvatlaydi, “GLONASS” va “GPS” navigatsiya tizimida ishlaydi. Apparatning maksimal uchish tezligi soniyasiga 20 metrni tashkil etadi. Qolaversa, unda sport rejimi, DJI Guidance ob’ektlarini vizual aniqlash, kompas va datchiklarni takrorlash tizimlari mavjud.

So’nggi rusumdagi dronning havoda uchish vaqti 25 daqiqa bo’lib, tasvirlarni 12,4 MP kamera orqali qayd etadi. Ekilgan ekin turlari, yerlarning holati, ularni o’rganish maqsadi va qabul qilinadigan yechim ahamiyatidan kelib chiqib, bir dona dron yordamida o’rtacha 5000 gektar maydonni monitoring qilish imkoniyati mavjud. Shu jihatdan, o’rtacha kattalikdagi tuman qishloq xo’jaligi maydonlarini tadqiq qilish uchun kamida 3 dona dron yetarli bo’ladi.

Kelgusida dronlar yordamida olingan ma’lumotlar asosida dalalar relefini tahlil qilish, o’simliklar holatini baholash hamda ekinlarni kuzatish uchun o’zi uchar qurilmalardan foydalanish usullari va algoritmlarini ishlab chiqish ko’zda tutilgan. Shuningdek,  o’rganilayotgan obyektlarning ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, dron texnologiyalaridan qishloq xo’jaligi faoliyatida foydalanishning ilmiy-texnik asoslari yaratiladi.

— Loyiha doirasida keyinchalik mobil telefon vositasida dalalar holatini kuzatish imkoniyatini beradigan mobil platforma, ya’ni qo’shimcha dasturiy ta’minot ham ishlab chiqiladi, — deydi Munis Abdullaev. — Smartfondagi ilova ekin ekilgan maydonlar ustida parvoz qiluvchi dronlarni boshqarishga yordam beradi. Agar fermer dalaning biror qismidagi hosilning etilgan yoki etilmaganini bilmoqchi bo’lsa, ilova kerakli joyga etib borish uchun eng maqbul yo’nalishni ko’rsatib beradi. Dron orqali esa ekinlarning o’sishi kuzatiladi va qay vaqtda hosilni yig’ishtirishni boshlash kerakligi tezda aniqlanadi.

Tadqiqotlar o’z samarasini beradigan bo’lsa, kelgusida respublikamizning qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan boshqa hududlarida ham uchuvchisiz uchar apparatlarni qo’llagan holda, yerlar, o’simliklar va zararli hashoratlarni kuzatish hamda monitoring qilish ishlari amalga oshiriladi. Hozircha esa tajriba-sinov ishlarining keyingi bosqichi Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumanida olib borilishi rejalashtirilgan.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O’zbekiston” muxbiri

Tavsiya qilamiz

Universitetda Ochiq eshiklar kuni tashkil etildi

2022 yil 31 mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Raqamli iqtisodiyot fakulteti hamda Korporativ boshqaruv fakulteti hamkorligida TDIU huzuridagi “Baxmal iqtisodiyot va turizm texnikumi”ning...

Raqamli iqtisodiyot fakulteti “Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari” kafedrasida “Mohir qo‘llar” to‘garagining quyidagi turlari bo’yicha qabul davom etmoqda

Oila milliy qadriyatlar maskani hisoblanishi qizlarni oilaga tayyorlash jarayoni har bir millatning zimmasidagi yukdir.Qizlarimizni oilaga tayyorlash bu katta mas’uliyatli ishdir. Talaba qizlarimiz bilim olish...

Raqamli iqtisodiyot fakulteti “Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari” kafedrasida “Mohir qo‘llar” to‘garagi o‘z faoliyatini boshladi.

Kafedra tо‘garagi: “Mohir qо‘llar” (2021-2022 о‘quv yilida). Tashkil etuvchi mas’ullar: assistent D.M.Yusupova. Kasb- hunar о‘rganish tо‘garagi haftada 2 kun, 3-4soat oralig‘ida. Oila milliy qadriyatlar maskani hisoblanishi...

№ 3(3), iyul-sentabr, 2021 yil

table { font-family: arial, sans-serif; border-collapse: collapse; width: 100%; } .head{ color: #fff; background: blue; } td, th {width: 30%; border: 1px solid #dddddd; text-align:...